O‘ZBEKISTON XOTIN-QIZLAR QO‘MITASI TOMONIDAN “ITWOMENUZ” – LOYIHASI ISHTIROKCHILARI O‘RTASIDA O‘TKAZILAYOTGAN TANLOVDA ENG YAXSHI ISHLAR ANIQLANDI

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi Milliy agentligi qoshidagi Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center”, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorliqda joriy yilning 19 - avgustidan boshlab “ITWomenUz” - loyihasi ilk marotaba amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihani amalga joriy qilishdan ko‘zlangan maqsad xotin-qizlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga jalb qilish, ularni mobil ilova, veb-sayt, dasturiy mahsulotlarni yaratish, kompyuter grafikasi va dizaynerlik faoliyatiga o‘qitish hamda dasturchi sifatida shakllanishlariga ko‘maklashish orqali frilanser sifatida bandligini ta’minlashdan iboratdir. Ma’lumot uchun, ayni paytda mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida 28 ming 323 nafar dasturchi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 8 ming 383 nafarini (29,5 foizini) xotin-qizlar tashkil etadi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan iyul-avgust oylarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirishga va ushbu sohada ishga joylashishga ehtiyoji bo‘lgan xotin-qizlarni ko‘proq jalb etish uchun itwomen.wcu.uz sayti ishlab chiqilib, tadbirda qatnashishni xohlovchilarni onlayn tarzda ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yildi. “ITWomenUz” — loyihasiga joriy yilning 19 avgust kuni start berildi va 160 dan ziyod xotin-qizlar qatnashdi. Dastavval, loyihaning birinchi bosqichida Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universitetida joriy yilning 19-24 avgust kunlari bir hafta davomida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, mobil ilovalar tayyorlash, veb-saytlar yaratish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda kompyuter grafikasi va dizayn yo‘nalishlarida xotin-qizlarning malakasi oshirildi. So‘ngra tinglovchilarning olgan nazariy bilimlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalarda 26 avgust – 18 sentabr kunlari uch hafta mobaynida amaliyotga tatbiq qilindi.